Aprel 10, 2024

Konimex tumani hokimining Ramazon Hayiti munosabati bilan bayram tabrigi

Assalamu alaykum aziz yurtdoshlar,

Qadrli tumandoshlar!

Muqaddas dinimizning insonparvarlik, mehr-muruvvat va ezgulik kabi buyuk fazilatlari yanada yorqin namoyon boʻladigan Ramazon hayit bilan tumanimizdagi barcha moʻmin-musulmonlar, butun xalqimizni samimiy muborak bod etaman.

Bugun yurtimizda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish hamda yosh avlodni insonparvarlik g‘oyalari, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muborak Ramazon hayitining maʼnaviy hayotimizda ezgulik, shukronalik, mehr-oqibat kabi oliyjanob qadriyatlarni qaror toptirishdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Tumanimizda ham Ramazon hayiti munosabati bilan kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va ko‘p farzandli oilalar, yolg‘iz keksalar, muhtoj fuqarolar holidan xabar olindi, iftorlik dasturxonlari yozilib, saxovat amallari ko‘rsatildi.

Muhtaram yurtboshimiz tomonidan ham Ramazon oyini har yili ko‘tarinki kayfiyat, o‘zgacha shukuh va tayyorgarlik, katta xursandchilik, shodu hurramlik bilan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Aziz konimexliklar, Barchangizni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor, samimiy tabriklayman!

 

Ruslan Ro`ziyev,

Konimex tuman hokimi

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: