Konimex tumani Tarixi
Konimex tumani 1926 yilining 16 iyunida Konimex qozoq-qoraqalpoq avtonom rayoni tuzilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Rayonni tuzish T.Arslanbaevga topshirildi. Konimex Respublikasi Markazi ijroiya Komitetiga qaraydigan avtonom rayon qilib belgilandi va 1926 yil 29-sentyabrda tashkil etildi.
Konimex tumani Navoiy viloyati o‘rtalig‘ida joylashgan bo‘lib, sharqda Navbahor, shimoli-sharqdan Nurota, g‘arbdan Tomdi, Uchquduq, janubdan Qiziltepa tumanlari g‘arbdan Buxoro viloyatining Peshku tumanlari bilan chegaradosh.
Yer maydoni 15,5 ming kvadrat kilometr, 14 xil millat vakillari yashaydi.
Konimex so‘zinining etimologiyasi:
Eron podshohining o‘g‘li Shopur Turan shu o‘lkada yashagan Mehribonu go‘zalga oshiq bo‘ladi va sevgilisiga uylanadi. Sevgilisi hurmatiga Zarafshon daryosidan suv yo‘li-kanal qazdirib, unga Konimexr deb nom beradi. Asrlar davomida Konimehr so‘zi o‘zgarishlarga uchrab Konimex deb atalib ketgan degan rivoyat bor.
Ikkinchi rivoyatda Mex Ota koni degan ma’noni beradi: “Kon” so‘zi fors tilida “Daryo tarmog‘i yoki anhor va suv yo‘li oriq” degan ma’noga ega. Shu sabab, Konimex deb nom olgan deyiladi.
Uchinchi rivoyatda “Konimex” atamasi tilshunoslik jihatdan tahlil etilsa, “Kon” va “Mex” kabi ikki so‘zdan kelib chiqqan atama. Atamaning birinchi bug‘inidagi “Kon” so‘zi “arna, daryo tarmog‘i yoki anxor” ma’nolarini anglatgan. Ikkinchi bo‘g‘inidagi “Mex” birikmasi aslida “mox” yoki “mug” so‘zlarini shakli bo‘lib, u “otashparast, o‘tparast, zardo‘shtiy yoki butparast” ma’nosini anglatgan.
Masalan, ilk o‘rta asrlarda Buxoroda otashparastlarning ibodatxonasi bo‘lgan. U “Masjidi Mox” deb yuritilgan. Ibodatxona qarshisida butlar yasab sotiladigan maxsus bozor ham bo‘lgan. Uni “Bozori Moxruz”, ya’ni “Zardo‘shtiylarning hayit bozori” deb yuritilgan. Bu bozor yiliga bir marta, Navro‘z kuni bo‘lgan. O‘sha kuni bozorda asosan yog‘och yoki sopoldan yasalgan butlar sotilgan. Favqulodda buti singan yoki eskirgan kimsalar faqat shu kuni bozordan yangi but sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lganlar. Shu boisdan bo‘lsa kerak, musulmonchilik qaror topgan o‘rta asrlarda yozilgan tarixiy solnomalarda Movaraunnahrning qadimiy aholisiga “Mug” yoki “Mugon”, ya’ni otashparast, butparast nomi bilan tilga olinadi.
Keltirilgan tahlilga asoslanadigan bo‘lsak, “Konimex” atamasi “Mugdaryo”, “Zardo‘shtiylar arnosi, otashparastlar anhori” degan ma’nolarni anglatgan.
Darhaqiqat Konimex, Buxoro vohasining eng qadimgi sug‘orma dehqonchilik tumanlaridan bo‘lgan. Uzoq o‘tmishda Zarafshon daryosining suvlari dashtni yorib kirib, hosil qilgan Konimex arnasi bo‘yida milodga qadar VI-V asrlarda o‘troq dehqonchilik qishloqlari qad ko‘targan. 1975-1976 yillarda Konimexning Arabon, Qumrabod va Chordara qishloqlari yaqinida kovlab ochilgan qadimiy qishloq xarobalari shular jumlasidandir. Bu qishloqlarda islomiyat davrida mug nomi bilan tilga olingan otashparastlar yashagan.