Hurmatli foydalanuvchilar! Sayt test rejimida, tarkibni to'ldirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Noqulayliklar uchun uzr so'raymiz. Sayt ma'muriyati.
Aprel 27, 2022

PENSIYA VA NAFAQANING FARQI QANDAY?

Jamiyatimizda aksariyat aholi vakillari pensiya va nafaqa tushunchalari bir ma’noli deb hisoblaydi ya’ni pensiya bu nafaqa so‘zining rus tili lug’ati tarjimasi deb xato o‘ylashadi (aslida, nafaqa rus tiliga “posobiye” deb tarjima qilinadi). Bundan tashqari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilar pensioner va nafaqaxo‘r tushunchalarini sinonim sifatida noo‘rin ishlatishadi.

    Xo‘sh, bu ikki tushunchaning farqi nimada?

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuni asosida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qariganda, mehnat qobiliyatini yo’qotganda, boquvchisiz qolganda ijtimoiy ta’minlanishdan iborat konstitusiyaviy huquqlarini ruyobga chiqarish, davlat pensiyalarining yagona tizimini, ularni tayinlash , hisoblab chiqarish qayta hisoblash va to’lash tartibini belgilab beradi. Qonunga asosan fuqarolar quyida keltirilgan turlari bo’yicha pensiya huquqi vujudga kelgan taqdirda murojaat qilish huquqlari kafolatlangan.

  1. Yoshga doir pensiya.
  2. Nogironlik pensiyasi.
  3. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

      Yoshga doir pensiya olish huquqiga:

  • erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda to’liq ish staji asosida, shuningdek kamida 7-yil ish staji mavjud bo’lganda to’liqsiz ish staji asosida ega bo‘ladilar;
  • ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda to’liq ish staji asosida, shuningdek kamida 7-yil ish staji mavjud bo’lganda to’liqsiz ish staji asosida ega bo‘ladilar.

Nogironlik pensiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan shaxslarga tayinlanadi. Umumiy kasallik oqibatidagi nogironlik pensiyalari nogironlik boshlangan paytga qadar yoshiga nisbatdan talab qilingan ish staji asosida tayinlanadi. Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qat’i nazar, tayinlanishi ko’zda tutilgan.

Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari ham boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo’lib, pensiya tayinlashda marhum boquvchining vafoti sodir bo’lgan vaqtga nisbatdan talab qilingan ish staji asosida ega bo‘lishi ko’zda tutilgan.

Shuningdek, pensiya tayinlashda qonunchilikda belgilangan Ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalari ushbu qonunga binoan davlat pensiyalari olish huquqiga ega emasligi ko’rsatib o‘tilgan.

Ularning ijtimoiy ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 apreldagi 107-son qarori bilan tasdiqlangan “Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinadi.

          Mazkur Nizom bo‘yicha nafaqalarning ham huddi pensiya kabi 3 turi bor:

  1. Yoshga doir nafaqa.
  2. Nogironlik nafaqasi (bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashqari,).
  3. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi.

Yoshga doir nafaqa erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida; ayollarga — 60 yoshga yetganlarida; bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi va to‘lanadi.

Nogironlik nafaqasi nogironlik sodir bo‘lgan hollarda, yoshidan qat’i nazar, ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga tayinlanadi va to‘lanadi.

Ish stajiga ega bo‘lmagan boquvchining vafoti munosabati bilan qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatsiz a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlanadi va to‘lanadi.

Xulosa o‘rnida, fuqarolarda belgilangan, ijtimoiy sug’urtalangan ish staji mavjud bo’lganda davlat pensiyalari tayinlanishi mumkin,etarli ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga esa amalda bo’lgan qonunchiliklar asosida nafaqa tayinlanishi ko’zda tutiladi.

            Nafaqalar davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali murojaat qilinganida Pensiya jamg‘armasining bo‘limi tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi.

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: