Dekabr 5, 2021

KONIMEX TUMANI OBODONLASHTIRISH BOSHQARMASINING SOBIQ BOSHLIG‘IGA NISBATAN SUD HUKMI O‘QILDI

9 mln so‘m pora bilan qo‘lga tushgan Konimex tumani Obodonlashtirish boshqarmasining sobiq boshlig‘iga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi raisi Maqsud Rayimov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Konimex tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan 40 yoshli J.K. boshqarma tasarrufidagi “Damas” mashinasini boshqarmaning Zarafobod bo‘limi ixtiyoriga o‘tkazib berish uchun fuqaro F.M.dan 9 mln so‘m talab qilgan. U o‘z xizmat xonasida kelishilgan pulni olgan. Shuningdek, J.K. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, tuman obodonlashtirish boshqarmasiga ajratilgan “Isuzu” mashinasini boshqarmaning Zafarobod bo‘limi ixtiyoriga o‘tkazib berish evaziga F.Z.dan 15 mln so‘m talab qilgan hamda kelishilgan pullarni fuqaro M.D. orqali olgan.

Ammo rahbar “va’dasi”ni bajarmagan. “Damas” va “Isuzu” mashinalarini boshqarmaning Zafarobod bo‘limiga biriktirib berish paysalga solib kelingan. Bundan norozi bo‘lgan F.M. bergan pullarini qaytarishni talab qilgan. J.K. pora tariqasida olgan pullarning bir qismi sifatida 4 mln so‘m mablag‘ni fuqaro A.M. orqali qaytargan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, J.K. jinoiy sheriklari F.M. va M.D. bilan birgalikda obodonlashtirish boshqarmasi balansida bo‘lgan temir quvurlarni noqonuniy tarzda sotib yuborgan va 20,7 mln so‘mlik mol-mulkni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, J.K.ga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan hamda 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: