May 16, 2023

MENGLIBOY MURАDOV XOTIRАSIGА BАGʼISHLАB IJODIYOT XONАSI TАSHKIL ETILDI

Konimex tumanidagi 2-umumiy o‘rta taʼlim maktabida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, yozuvchi va dramaturg, adib Mengliboy Muradov xotirasiga bag‘ishlab ijodiyot xonasi tashkil etildi.


Tadbirda Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev, viloyat Yozuvchilar uyushmasi rahbari B.Sadriddinov, shoirning yaqinlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Bu yerda yozuvchi asarlari, uning shaxsiy kutubxonasidan keltirilgan kitoblar, surat va portretlar saqlanmoqda.


– Mazkur ijodiyot xonasi tuman hokimi, maktab maʼmuriyati va farzandlari tashabbusi bilan tashkil etildi, – deydi yozuvchining qizi Ro‘zigul Muradova. – Buning uchun otamning barcha yaqinlari nomidan minnatdorlik bildiraman. Ijodiyot xonasi o‘quvchilar uchun qiziqarli bo‘lgan, ularning tarixga, adabiyotga mehrini oshirish, tasavvurlarini boyitish uchun xizmat qiladigan ashyolar bilan to‘ldirib boryapmiz.

Otamning kitobga muhabbati boshqacha edi. Shuning uchun ijodiyot xonasiga kitoblar javonini keltirdik. Bu javonda yozuvchi yaratgan kitoblar, u sevib o‘qigan oʼzbek va jahon adabiyoti durdonalari joylashgan.

Shuningdek, Mengliboy Muradov hayoti va ijodi aks etgan fotosuratlar, asarlari qahramonlarining portretlari ham o‘rin olgan. Oʼzbek adabiyotiga yangicha ruh olib kirgan romanlar, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ibratli faoliyatiga oid tarixiy asarlar yaratgan Mengliboy Muradov kitobxonlar qalbida mangu yashaydi.

Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida boshlangan ishlar xayrli bo‘lib, o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi.

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: