Xabaringiz bor, joriy yil 16 mart kuni Prezidentimiz Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, soliq organlari xodimlari bilan muloqot davomida tadbirkorlar bilan uchrashib ularning muammolarini o‘rganish, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar bo‘yicha tushuntirishlar berish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini bajarish, tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish va qisqa muddatda ijobiy hal etish maqsadida joriy yilning 28-29 mart kunlari Navoiy viloyatining Zarafshon va Navoiy shahri, Navbahor hamda Qiziltepa tumanlarida ham Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan mazkur muloqotlarda Konimex tumanidan ham 35 nafar tadbirkorlar ishtirok etib, ular duch kelgan muammolar va ularni o‘ylantirayotgan savollar batafsil o‘rganildi.
Bugungi kunda ham “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlar huzuriga borgan holda ularning muammolarini o‘rganib, sayyor soliq maslahatlari ko‘rsatilmoqda.
Masalan, 1-chorak davomida tumanda 127 ta korxonalarning muammolari batafsil o‘rganildi. Natijada, soliq inspeksiyasi xodimlari ko‘magi bilan 43 ta muammolar ijobiy hal etildi. Bugungi kunda boshqa tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar qat’iy nazoratga olinib, hamkorlikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida soliq turlari bo‘yicha 7 ta subyektlarning 29,7 million so‘m mavjud ortiqcha to‘lov summasi qaytarib berildi.
E’tiborli jihatlardan yana biri, soliq islohotlarining jadallik bilan amalga oshirilishi hamda soliq mexanizmlarining yanada soddalashishi natijasida, yashirin iqtisodiyot keskin qisqarib, soliq tushumlari sezilarli darajada ortmoqda. Masalan, Konimex tumanining 2022 yil 1-choragi uchun belgilangan 5,7 milliard so‘mlik budjet prognoz rejasi 5,8 milliard so‘mga (102,5 %) ortig‘i bilan bajarilib, 0,1 milliard so‘mga ko‘p mablag‘ davlat budjetiga tushishiga erishildi. Natijada, tushumlar miqdori o‘tgan yilning mos davriga (5,6 mlrd.so‘m) nisbatan 104,3 foizga o‘sishi kuzatildi.
Joriy etilgan qator soliq imtiyozlari, soliq yuki va turlarining kamaytirilganligi to‘g‘risida tadbirkorlar o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida 146 ta norasmiy ish o‘rinlari qonuniylashtirildi. Muhimi, fuqarolar muqim ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini tiklash borasida joriy yilning 1-choragi davomida samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ana shunday 8 ta korxonaning faoliyati tiklandi. Natijada, 12 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. E’tiborlisi, mazkur tadbirkorlik subyektlari ish boshlashi bilan ularga qo‘llanilgan ta’sirchan soliq mexanizmlari bekor qilinib, qariyb 54 million so‘mlik mablag‘ ular ixtiyorida qoldirildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, bugungi tadbirkor kechagisidan tubdan farq qiladi. Qonunchiligimiz ham ular uchun qator yengillik va qulaylik yaratishga qaratilgan. Buning natijasida, iqtisodiyotda xufyona bozor mexanizmlariga o‘z-o‘zidan chek qo‘yilmoqda. Halol tadbirkor uchun shaffof va qonuniy ishlaydigan davr keldi. Shu bois, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanuvchilar soni bugun 192 nafarni tashkil etmoqda.
Bugungi kunda qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 1-choragi yakuni bilan tumanda 778 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, muayyan faoliyat turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Eng muhimi, ularning 262 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
Hurmatli soliq to‘lovchilar! Biz soliq xizmati organlari xodimlari sizlarning muammolaringizni qonuniy hal etish, faoliyatingiz davomida yuzaga kelgan barcha tushunmovchiliklarga yechim topishda doimiy ko‘mak berishga tayyormiz.