Yanvar 10, 2022

Maʼlumki, mamlakatimizda 2023-yilda aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkaziladi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi qaroriga asosan, mazkur tadbirga tayyorgarlik koʻrish sifatini taʼminlash, uning tashkiliy va uslubiy jihatlari, dasturiy-texnik taʼminoti va maʼlumotlarni qayta ishlash texnologik jarayonlari hozirligini aniqlash maqsadida, 2021-yil 1-25-noyabr kunlari respublikamizning 4  ta hududida sinov tariqasida aholi roʻyxatga olindi.

Sinov natijalaridan kelib chiqib, 2023-yilda aholini roʻyxatga olish dasturi, roʻyxatga olish savolnomalari, metodik qoʻllanmalar va normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi hamda maʼlumotlarni qayta ishlash boʻyicha axborot tizimi takomillashtiriladi. Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish jarayonlarida ishtirok etish uchun 2021-yilning 12-20-noyabr kunlari xalqaro kuzatuv missiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi. 11 kishidan iborat ushbu missiya vakillari respublikamizning 4 ta hududida sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishga koʻrilgan tayyorgarlik va uni oʻtkazish ishlari bilan tanishdi. Ular bu jarayonni ijobiy baholab, uni yanada sifatli va zamonaviy usullardan foydalangan holda oʻtkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi. Jumladan, savolnomalarni milliy mentalitetga moslashtirishni yanada takomillashtirish, planshetlardan keng foydalanish, internet tarmogʻi orqali roʻyxatga olish tizimini soddalashtirish kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Masalan, planshet usulida roʻyxatga olish jarayoni qogʻoz usuliga qaraganda qulayligi, tezkorligi va samarali ekani kuzatildi. Agar qogʻoz uslubida ishlagan bir xodim oʻrtacha 350 tadan 400 tagacha shaxsni roʻyxatga olgan boʻlsa, planshetda oʻrtacha 500 tadan 750 tagacha toʻgʻri keldi.

Qayd etish joizki, sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari muayyan muammolar mavjudligini koʻrsatdi. Ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda hamda mahallalarda targʻibot-tashviqot ishlari tashkil etilgan boʻlsa-da, aholining roʻyxatga olish tadbiridan toʻliq xabardor emasligi, ayniqsa, xonadonlarda yashovchi shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ayrim mahalla idoralaridagi mavjud axborotga mos kelmasligi ham kuzatildi.

Aholini roʻyxatga olish natijalaridan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish, uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida foydalaniladi. Shuningdek, bu natijalar milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, xalqaro reytinglar va indekslarda, jumladan, Statistika salohiyati indeksi, Inson barkamolligi indeksi, Iqtisodiy erkinlik indeksi kabilarda mamlakatimizning oʻrnini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, roʻyxatga olish natijalari xorijiy investorlarni kengroq jalb qilish, investitsion muhitni yanada yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish, iqtisodiyot yuksalishi va pirovardida aholimizning farovonligini yanada yaxshilashda qoʻl keladi.

 

Tuman statistika boʻlimi.

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: